Telefon: (+99871) 207-10-90
Faks: (+99871) 277-70-66
info@psec.uz
Ташкент, 100015, Чиланзарский район,
ул. Кирк-Киз, 10А
Ona tili – bu millatning ruhidir...
Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir.
1989 yilning 21 oktyabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbek tiliga - Davlat tili maqomi berildi.
“O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (O‘RQ-615-son) 1-moddasi bilan 21 oktyabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil to‘lishi va mazkur sana joriy yilda ilk marta “O‘zbek tili bayrami” sifatida nishonlanishi munosabati bilan butun respublika miqyosida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmokda.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 20 oktyabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi xodimlari ishtirokida “Ona tili – bu millatning ruhidir...” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, Tarix fanlari doktori Dilorom Bobojonova ishtirok etdi.
Davra suhbatida o‘zbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib o‘tilgan qiyinchiliklardan tortib hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart – sharoitlar hamda davlat tilini yangi pog‘onaga olib chiqish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlar alohida e’tirof etildi.
Tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishiga e’tibor qaratildi.
O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarurligi hamda har birimizdan tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etishi ta’kidlandi.